“Qabrda ham Qorabog‘ning o‘ziman…”

Xizmat safari bilan Ozarbayjonning Boku shahrida bo'ldim. Safarimiz davomida bu shaharning eng chiroyli va ko'rkam joylarini, tarixiy obidalarini tomosha qildik. Boku meni o'ziga maftun etdi. Dengiz sohilida qad ko'targan chiroyli binolar, so'lim bog'lar dilingizni yayratadi. Shaharning qoq markazidagi "Shahidlar maydoni"ni ham ziyorat qildik. Xiyobondagi qabr toshlariga yozilgan bitiklar qalbimda bir umrga muhrlandi, desam mubolag'aga yo'ymassiz. Chunki bu yerda yotganlarning barchasi mening tengdoshlarim edi... Ozarbayjonlik hamrohim bu xiyobonning tarixi haqida so'zlab berganida ko'zlarimdagi yoshni to'xtata olmadim. Bu maydon 18-20 yoshdagi bo'z yigitlarning haqiqiy qabrlari edi. Bu yerga 1990 yil 20 yanvar kuni Boku shahrida o'tkazilgan tinch namoyishni shafqatsizlarcha Sho'ro qo'shinlari tomonidan bostirilganida fojeali halok bo'lgan ozar o'g'lonlari dafn qilingandi. Qabrlarning barchasida vafot sanasi 1990 yil 20 yanvar, deb yozilgandi. Hayratimni oshirgan, ko'zlarimdagi xalqa yoshning shashqator bo'lib oqishiga sabab bo'lgan birinchi suratli qabr yosh kelin-kuyovlarning qo'sh qabri edi. Kechagina osmonlarcha orzulari bilan go'shangaga kirgan kelin-kuyov ertasiga bir qabrga kirishibdi. Eshitganga afsonadek tuyulgan bu kabi taqdirlar maydonni ikki-uch qavatli qabrlari bilan to'ldirib turibdi. Duoga qo'l ochib yaratgandan ularga jannatingdan joy ber, deya so'rayman. Mezbon hamrohim menga tarixda "Qonli yanvar" nomi bilan qolgan o'sha mudhish kun voqealari haqida so'zlab ketar, ba'zi birlari haqida ma'lumotlar berardi. Bir qabr yoniga kelganimizda xo'rsinib: "Bu mening amakivachcham, endigina o'n to'qqizga to'lgandi, talaba edi", dedi-yu, iztirobli ko'z yoshlarini artdi. Men jim uni tinglardim. Maydonni to'ldirib turgan sovuq qora toshlardagi suratlar ostiga bitilgan raqamlarga boqaman, 19-20 yoshlilar. Yana bir suratning yonida to'xtadik. Ikkimiz ham adabiyotshunos ekanligimiz uchunmi, bu surat oldida biroz uzoqroq turib, u haqda so'zlab berdi. Uning ostiga "Ulvi Yusuf o'g'li Bunyodzoda, 1969-1990 yillar", deya bitilgan edi.

U 1990 yilda endigina talabalik oltin davrini surayotgan edi. Shu ma'noda biz tengdosh ekanmiz, dedim sekingina. "Ha, tengdoshimiz edi. 20 yoshida bu olamni tark etdi. Vatan uchun jonini fido qildi. U uylanmagan bo'z yigit edi, undan zurriyod qolmadi, ammo uni doim eslatib turuvchi nafis she'riyati, go'zal hikoyalari qoldi, ajoyib tarjimalari qoldi", dedi hamrohim. Hayratlanib unga qaradim. "Ha, Ulvi yaxshigina shoir edi. U chet tillar institutida tahsil olgandi. Arab, fors, rus, o'zbek tillarini mukammal bilardi. O'quvchilik yillaridayoq she'r, hikoyalari bilan tanilgandi, keyinchalik tarjimalari bilan ham ko'zga ko'rinayotgan edi", dedi. Ikkimiz ham biroz jim qoldik.

Yigirma yosh. Inson hayotining ayni bahor pallasi. Hayotdan zavqlanib, muhabbatdan sarmast, yurak sevgiga oshno bo'ladigan, hayotiy rejalaringni birma-bir chizadigan dam. Ayniqsa, bu yoshda yigitlarning shavqi, zavqi, muhabbati, shijoatu jasorati o'zgacha bo'ladi. Yo'l-yo'lakay Ulvining ijodi haqida suhbatlashdik. Hamrohim uning ijodi bilan tanishtirib, she'rlaridan namunalar o'qib berdi. Men uning suhbatini tinglarkanman, shunday iste'dod sohibining asarlarini topib o'qish istagi paydo bo'lganligini unga aytdim. Ertasi kuni Ozarbayjon FA Nizomiy nomidagi Adabiyot institutida bo'lgan uchrashuvdan so'ng, u menga Ulvi Yusuf o'g'lining bir kitobchasini sovg'a qildi. Ulvining she'rlarini o'qidim. U 1982 yilda sinfdoshlariga bag'ishlab yozgan she'rini "Vatan uchun o'lmoq kerak" deb nomlabdi. Endigina 12-13 yoshdagi o'spirinning bu qadar vatan haqida jo'shib she'r yozishi kishini hayratlantiradi. "Umr yo'li" deb nomlangan yana bir she'ri, yosh shoirning vatan haqidagi tuyg'ularini yanada kengroq ochishga imkon beradi.

Qorabog'dir mening jonim-imonim,

Shu tuproqning nishonasi, iziman.

Meni ojiz, deya ko'rmang qabrda,

Qabrda ham Qorabog'ning o'ziman.

Ulvi bu she'rni yozganida endigina 18 yoshga to'lgandi. Bu yosh inson uchun o'lim haqida emas, yashash zavqi haqida o'ylaydigan payt. Lekin Vatanining bir qarich yerini ham muqaddas deb bilgan har bir inson uchun uning uchun jonini fido qilish sharaflidir. Yosh Ulvi ana shu yo'lda shahid ketdi.

U she'rlaridan tashqari bir qancha hikoyalar ham yozdi. "Sadoqat", "Inson" kabi hikoyalarida u insonga xos bo'lgan samimiyat, muhabbat, donishmandlik, oriyat, sadoqat, g'urur haqida yozdi. Ota-bobolarimizdan qolgan rivoyatlar bilan boshlanadigan "Sadoqat" hikoyasida yonimizda turgan yaqinlarimizning mehru muhabbati, dardu hasratini his qilmasligimiz haqida yozsa, "Inson" hikoyasida, mansab, martaba, tufayli insoniyligini yo'qotib, keyin uning orqasidan faryod-la termulib qolayotgan noshud kimsalarning badiiy obrazini yaratadi. Uning topilmalari o'quvchini o'yga toldiradi. "Inson"dagi "... Keksa faylasuf hukmni qayta tinglayotgandek bo'ldi. U seskanib boshini ko'tardi. Bola onasining oqasidan ketib borardi.

- Inson! - keksa faylasufning ovozi sohil bo'ylab yoyildi...

U ona-bolani orqaga qaytarish uchun hamma narsaga hozir edi. Lekin, Nargizdan ham, Insondan ham u ancha ilgari, bundan sakkiz yil muqaddam INSONligini yo'qotgan damdayoq judo bo'lgan edi", kabi jumlalar o'quvchini o'zligidan judo bo'lib, pushaymonlar girdobida qolmaslikka chorlaydi.

Mana, safardan qaytganimizga ham ancha bo'libdi. O'sha kunlarda bu tengdoshimning asarlarini o'qib, ular haqida mulohazalarimni yozishim kerak, degan fikr bilan Vatanga qaytgandim. Ulvi ijodi bilan tanishish, uni o'zbek kitobxonlariga tanishtirishni o'zimning burchim deb bildim. Ulvi Bunyodzoda asarlaridan badiiy jihatdan o'ta mukammallik, she'rlarida go'zal tashbehlar izlab o'qimadim. Ammo ularning har birida uning sodda va beg'ubor qalbi, Vatanga, xalqiga, insonga muhabbati aks etgan samimiyatni ko'rdim. Ularni siz o'quvchilarga ham ilindim.

Gulnoz Sattorova,

filologiya fanlari nomzodi

Təklifinizi, şikayətinizi bizə yazın. Sizi dinlərik. 055 634 88 31